Saraton immunoterapiyasi: Kasallik bilan kurashmang, immunitet ustida ishlang

Amerikalik Jeyms Allison va yaponiyalik Tasuku Xondzyo tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti ega bo‘ldi. Bu mukofot ularga T-hujayralari yordamida saratonning immunoterapiyasida yangi usul yaratgani uchun berilgan. Bu haqda BBC xabar qildi.

“Ushbu ikki laureatning asrga tatigulik kashfiyotlari saraton kasalligiga qarshi kurashimizda keskin burilish yasadi,” – deyiladi Nobel qo‘mitasi qarorida.

Allison va Xondzyo ishlab chiqqan davolash usullari saraton kasalligi bilan og‘riydigan bemorlarning ba’zi guruhlari uchun “kasallikning natijasini tubdan o‘zgartirgan”.

Saratonni hiyla bilan yenging
Bizning immunitetimiz odatda tanamizda zararlangan hujayralarni izlaydi va ularni ko‘payishiga yo‘l qo‘ymay, darhol yo‘q qiladi. Lekin saraton hujayralari bu tabiiy himoyachimizni chetga surish yo‘lini topadi.

Saratonning ko‘p turlari immunitet hujayralarini “tinchlantirib qo‘yadigan” yoki “tormoz beradigan” mexanizmni faollashtirib oladi. Shundan so‘ng immunitetimiz saraton hujayralarini sezmay o‘tib ketadi.

Allison va Xondzyo saraton hujayralarini “ahmoq” qilib, immunitetni bloklashni oldini olishni o‘rgangan. Bu terapiyadagi haqiqiy inqilobni keltirib chiqargan va butunlay yangi dorilar sinfini tashkil qilgan.

Hozirgacha bu dorilarning zararli ta’sirlari oz emas, ammo onkologiya bilan kurashda ularning samarali ekanligi isbotlangan. Ba’zan hatto saraton kasalligining so‘nggi bosqichida davolashning iloji yo‘q bo‘lgan bemorlarni ham davolash mumkin bo‘lgan.

“Tormozni tuzatish”
Saraton kasalligiga qarshi kurashish uchun bemorlarning immunitetidan foydalanish haqida olimlar 100 yil oldin o‘ylaganlar. Biroq 1990-yillarga kelibgina bu sohada haqiqiy yutuqqa erishilgan.

Amerikalik Jeyms Allison Immun nazorat nuqtalari (INN) degan termini fanga kiritgan. Bu bizning immunitetimizni tormozlantiruvchi, begona va zararlangan hujayralarni aniqlash va yo‘q qilish uchun javobgar bo‘lgan T-limfotsitlarni “tinchlantirish”ning tabiiy mexanizmi.

Agar bu mexanizm ishlamasa, tana o‘zini vayron qila boshlaydi, sog‘lom to‘qimalarni yo‘q qilib yuboradi. Shuning natijasida autoimmun kasalliklar paydo bo‘ladi.

Bir nechta olimlar bu nuqtayi nazardan quyidagi fikrga kelgan: “tormozni tuzatish” (ya’ni, oddiy INN faoliyatini o‘rnatish) I turdagi diabet, revmatoid artrit, skleroz va boshqa ko‘p kasalliklarni davolaydi.

Biroq Allison xuddi shuning aksini qilgan. U saraton bilan kasallangan sichqonlarda ushbu tormoz mexanizmini o‘chirishga harakat qilgan. Natija esa ajablanarli. O‘simta hujayralari ortiq immunitetdan yashirina olmagan, organizm esa saraton kasalligiga qarshi samarali kurashgan.

1992-yilda Tasuku Xondzyo boshqa turdagi INNni kashf etgan. U ham xuddi shu prinsipda ishlaydi, biroq boshqacha tarzda. O‘z kashfiyoti asosida yapon professori immunoterapiya usullarini ham ishlab chiqqan.

INN bloklovchi dori-darmonlar o‘pka saratoni, buyrak saratoni, limfoma va melanomalarga qarshi samarali ekanligi tasdiqlangan.

Golf o‘ynashni yaxshi ko‘radigan Xondzyoning oldiga bir kuni golf klubida o‘pka saratonini boshidan kechirgan bir kishi kelib, hozir tuzalganini aytgan. “U yana golf o‘ynay boshlagani uchun menga minnatdorchilik bildirdi,” – deydi yapon professori, — “Mana buni haqiqiy baxt desa bo‘ladi. Men uchun bunday minnatdorchilik har qanday mukofotdan ko‘ra muhimroqdir.”

“Asrga tatigulik ish”
Jeyms Allison hozirda Texas universiteti qoshidagi saratonga qarshi kurashish markazida immunologiya bo‘limiga rahbarlik qiladi. Tasuku Xondzyo Kyoto universitetida immunologiya professori.

Taklif etilgan usullar asosida ishlab chiqilgan preparatlar allaqachon saraton kasalliklarini davolashda muvaffaqiyat qozonyapti. Yana ancha dorilar hozirda klinik sinovlarda o‘tyapti. Kelgusi yillarda ular ham foydalanish uchun topshiriladi.

“10 yil muqaddam metastatik melanoma deyarli davosiz kasallik edi. Endi Allison va Xondzyoning kashfiyoti tufayli bemorlarda umid paydo bo‘ldi. Bemorlarning uchdan bir qismi immunoterapiya tufayli uzoq muddat o‘zini yaxshi his qilyapti, ba’zilari hatto butunlay davolandi,” — deydi Buyuk Britaniyaning saraton kasalligiga qarshi kurashish tashkiloti bosh shifokori, professor Charli Suonton.

“Jim va Xondzyoning kashfiyoti asrga tatigulik ish bo‘ldi. Endi ular qachon Nobel mukofoti bilan taqdirlanishini hamma kutyapti,” — deydi Allisonning sobiq hamkasbi Serxio Kesada.

“Bu terapiya hammaga ham yordam bermaydi, lekin ko‘plab insonlarning hayotini saqlab qoldi. Va eng muhimi, u qanday qilib saratonni yengish haqida tushunchamizni o‘zgartirdi. Ya’ni, saraton va boshqa kasalliklarga qarshi kurashish uchun immunitet tizimini faollashtirish kerakligini o‘rgatdi,” — deydi Manchester universiteti professori Den Deyvis.

“Menimcha, bu faqat boshlanishi. Ushbu prinsip asosida ishlaydigan hali ko‘plab dorilarni kashf qilishimiz kerak,” — deydi u ishonch bilan.

Bu haqda “Daryo” nashri xabar beradi.

tushda